Xotin-qizlarning ilm-fanni rivojlantirishdagi o‘rni haqida fikr almashildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida xotin-qizlar maslahat kengashi va Turkiy tillar fakulteti tomonidan “Ilm-fan rivojida xotin-qizlarning o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

Tadbirda institut rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sayyora Bekchanova so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlar ta’lim, texnologiya, tibbiyot, muhandislik, pedagogika, biologiya va ko‘plab sohalarda faollik ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, davlatimiz tomonidan xotin-qizlarning ilm-fan sohasidagi rolini oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Xotin-qizlarni o‘qitish, ularning oliy ta’lim muassasalariga kirishini qo‘llab-quvvatlash va ilmiy-tadqiqot bilan shug‘ullanishini rag‘batlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Seminarda professor Alima Pirniyazova, kafedra mudirlari Iristi Quttimuratova va Gulzira Qidirbayevalar respublikamizda olima ayollarni qo‘llab-quvvatlash, dunyoning ilg‘or oliy o‘quv yurtlarida ilmiy-pedagogik ishlar, grant va startap loyihalarni tayyorlash masalalari bo‘yicha ma’ruzalar qildi.

Tadbir yakunida faol xotin-qizlar va professor-o‘qituvchilarga institut kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan sovg‘alar topshirildi.

NukusDPI matbuot xizmati.