Yangi kitoblar keng jamoatchilikka tanishtirildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti bilan hamkorlikda “Alisher Navoiy ensiklopediyasi” va “O‘zbekiston joy nomlarining izohli lug‘ati” ko‘p jildliklari, shuningdek, “Qoraqalpog‘iston Respublikasi geografik nomlarining izohli lug‘ati” kitoblarini keng jamoatchilikka tanishtirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining maslahatchisi – Davlat tilini rivojlantirish departamenti boshlig‘i Perdeg‘aliy Dabilov, institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Qarjaubay Reymov, yangi nashr etilgan kitoblarning mualliflari, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda institutning o‘zbek adabiyoti kafedrasi dotsentlari Hamza Allambergenov va Nodira Allambergenovalar O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan chop etilgan 4 jildlik “Alisher Navoiy ensiklopediyasi” haqida taqdimot shaklida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berdi.
Ushbu ko‘p jildlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida 2021-2023-yillar davomida nashrga tayyorlangan bo‘lib, buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy yashagan XV asrning ikkinchi yarmidagi Xuroson va Movarounnahrdagi tarixiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy va adabiy muhit, shoirning hayoti, faoliyati, yaqinlari, do‘stlari, ijodining ma’naviy sarchashmasi, adabiy merosi va uning jahonshumul ahamiyati, shuningdek, mumtoz adabiyotimiz tarixida tutgan beqiyos o‘rni haqida batafsil ma’lumotlar jamlangan.
Ensiklopediyadan navoiyshunoslik masalalari, shoir asarlarining turli yillardagi nashrlari, xorijiy tillarga tarjimalari, yurtimiz va jahon kutubxonalari fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozma va toshbosma kitoblar, shuningdek, tasviriy san’at, haykaltaroshlik, teatr, kino kabi san’at turlarida Alisher Navoiy siymosini aks ettirishga oid maqolalar ham o‘rin olgan. Turli she’riy janrlarga oid asarlariga sharh va tahlillardan namunalar keltirilgan.
Taqdimotda geografiya fanlari nomzodi, dotsent Qoshqarbay Seytniyazov ikki jilddan iborat “O‘zbekiston joy nomlarining izohli lug‘ati”, geografiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) O‘mirbay Baltabayev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan nashr etilgan “Qoraqalpog‘iston Respublikasi geografik nomlarining izohli lug‘ati” kitoblari haqida ma’lumot berdi.
So‘zga chiqqanlar qayd etilgan kitoblar hozirgi vaqtda geografik obyekt nomlarining ma’no va mazmunini aniqlash, shuningdek, keng jamoatchilikka yetkazishda muhim manba sifatida xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
“Qoraqalpog‘iston Respublikasi geografik nomlarining izohli lug‘ati”da Qoraqalpog‘iston hududida joylashgan shahar, tumanlar, qishloqlar, suv obyektlari, tog‘lar, qumlar, cho‘llar va boshqa geografik nomlar tizimli ravishda o‘rganilgan bo‘lib, har bir nom lingvistik, tarixiy va geografik jihatdan tahlil qilingan.
Tadbirda ishtirokchilar bilan yangi nashr etilgan kitoblar haqida fikr almashildi va ushbu kitoblar talabalar, magistrantlar, doktorantlar va professor-o‘qituvchilar tomonidan foydalanish maqsadida institutning axborot-resurs markazi fondiga topshirildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
