Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va og‘zibirchilik tarannum etildi

Bugun, 31-mart kuni poytaxtimiz Nukus shahridagi «Do‘stlik» kanali bo‘yida ko‘p millatli mamlakatimizda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, totuvlik va og‘zibirchilikni tarannum etishga bag‘ishlangan konsert dasturi va xalq sayli bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etib, barcha xalqimizni yurtimiz bo‘ylab yuqori ko‘tarinkilik bilan davom etayotgan Navro‘z ayyomi, muborak Ramazon hayiti va bugungi do‘stlik, ahillik bayrami bilan tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yurtimizda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida millatlararo totuvlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash, bag‘rikenglik va mehr-oqibat muhitini yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Ayniqsa, madaniy va ma’naviy qadriyatlari, an’ana va urf-odatlari bir-biriga yaqin bo‘lgan qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda.
Bugun Tojikistonning Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston Prezidentlari ishtirokida tarixda ilk bor uch tomonlama sammit bo‘lib o‘tmoqda.
Albatta, ushbu sammit qo‘shni davlatlar bilan mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib, Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va farovon hayotni ta’minlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Shuni alohida ta’kidlashimiz joiz, bugungi kunda 2 milliondan ziyod ko‘p millatli xalqimiz orasida bir yarim mingdan ortiq qirg‘iz va to‘rt yuzga yaqin tojik millatiga mansub fuqarolarimiz bir oila farzandlari bo‘lib tinch-totuv hayot kechirmoqda.
Turli millat va elat vakillari bilan birgalikda o‘tkazilayotgan bugungidek tantanali tadbirlar do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bayram tadbiri doirasida yurtimizda faoliyat yuritayotgan qozoq, turkman, rus, ukrain va koreys milliy madaniy markazlari tomonidan turli madaniy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, hunarmandlar ko‘rgazmalari tashkil etilib, xalqlar o‘rtasidagi totuvlikni aks ettiruvchi ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan milliy qadriyatlar, an’analar sahnalashtirildi.
Sportchi yoshlarning ko‘rgazmali chiqishlari, shaxmat-shashka bo‘yicha do‘stlik musobaqalari, oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli talaba-yoshlari va san’at ustalari ijrosidagi konsert dasturi xalqimizga bayramona kayfiyat ulashdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
