Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligiga bag‘ishlandi

Bugun, 3-aprel kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosari Rustam Saparbayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining raisi Kamal Tarixov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Baxtiyar To‘rebekov, prorektorlar, fakultet dekanlarining o‘rinbosarlari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tantanali tadbir O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari bilan boshlandi.

Tadbirni institut rektori Quvondiq Qodirov olib bordi.

Ta’kidlanganidek, konstitutsiya – har bir davlatning tarixi, buguni va kelajagi, xalqning xohish-irodasini o‘zida aks ettiruvchi asosiy qonun hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasi 1993-yil 9-aprel kuni o‘n ikkinchi chaqiriq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Sovetining o‘n ikkinchi sessiyasida qabul qilingan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasi muqaddima, 6 bo‘lim, 26 bob, 121 moddadan iborat.

Konstitutsiya amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar va ularning qonunchilik asoslarini yaratishning bosh huquqiy asosi, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasi kafolatidir.

Bosh Qomusimizda barcha normalar eng avvalo inson huquq va manfaatlarini kafolatlagan holda, inson – jamiyat – davlat tamoyili asosida ishlab chiqilgan.

Konferensiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosari Rustam Saparbayev Bosh Qomusimizda belgilangan normalarning hayotimizda tutgan o‘rni, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasi, jumladan, yoshlarning oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar haqida ma’lumotlar berdi. Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining raisi Kamal Tarixov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi tarixi, unga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida so‘zlab berdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Baxtiyar To‘rebekov mamlakatimizda Konstitutsiyamiz asosida qonun ustuvorligini ta’minlash, bunda “Inson qadri hamma narsadan ulug‘” tamoyiliga amal qilish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlarning ahamiyatiga to‘xtaldi.

Tadbirda institutning milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi kafedrasi mudiri Ye.Tileuov, ushbu kafedra professori T.Xudaybergenova Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarining kafolatlari, ular asosida ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yilganligi haqida ma’ruzalar qildi.

So‘zga chiqqanlar yig‘ilganlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi bayrami bilan tabriklab, mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, yoshlarning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi.

NukusDPI matbuot xizmati.