Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining haykaliga gulchambarlar qo‘yildi

Bugun, 10-aprel kuni poytaxtimiz Nukus shahrida qoraqalpoq mumtoz adabiyotining yorqin namoyandasi, buyuk shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos olimlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Yozuvchi va shoirlar, olimlar yoshlarga Ajiniyoz shoirning hayoti, ijodi, asarlarining nafaqat qoraqalpoq adabiyoti, balki sharq xalqlari adabiyotida tutgan o‘rni, ijodining o‘ziga xos xususiyatlari va uning o‘rganilishi haqida ma’lumotlar berdi.

O‘tgan yili shoir tavalludining 200 yilligi munosabati bilan xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlarning ahamiyati haqida fikr almashildi.

Institut talaba-yoshlari Ajiniyoz shoir she’rlaridan parchalar, yurtimizning taniqli ijodkorlari shoirning xotirasiga atab yozgan she’rlarini o‘qidi.

Institutda Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining tug‘ilgan kuniga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda.

NukusDPI matbuot xizmati.