Geografiyani o‘qitish metodikasi kafedrasi tomonidan respublika konferensiyasi tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Tarix fakulteti geografiya o‘qitish metodikasi kafedrasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi hududlarini barqaror rivojlantirishning geografik asoslari” mavzusida respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi tashkil etildi.
Konferensiyaning ochilish yalpi majlisida institutning ilmiy-tadqiqot va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash bo‘limi boshlig‘i A.Allamuratov so‘zga chiqib, tadbirning ahamiyati, maqsadi, vazifalari haqida aytib o‘tdi va konferensiya ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbirda Jizzax davlat pedagogika universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi pedagoglarni qayta tayyorlash markazi, shuningdek, institut professor-o‘qituvchilari, olimlar, doktorantlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Konferensiya tabiiy geografiya va geoekologiya masalalari, iqtisodiy-ijtimoiy geografiya va demografiyaning dolzarb muammolari, geografiya va uni o‘qitishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish usullari bo‘yicha sho‘balar kesimida o‘z ishini davom ettirdi.
Konferensiyaga respublikamizning turli hududlaridagi oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot markazlarining professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar, doktorantlar, magistrantlar va talabalardan jami 83 ta ilmiy maqola kelib tushdi. Faol ishtirokchilar esdalik sovg‘alari va faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
Azamat Jaqsimuratov,
NukusDPI geografiya va iqtisodiy bilim asoslari ta’lim yo‘nalishining 3-kurs talabasi.
