Institut Ma’naviyat va ma’rifat kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 15-aprel kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Ma’naviyat va ma’rifat kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda institutda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarda yuksak axloqiy qadriyatlarni shakllantirish va jamiyatda ma’naviy muhitni yaxshilashga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishni institut rektori, Ma’naviyat va ma’rifat kengashi raisi Quvondiq Qodirov olib bordi.
Dastlab ma’naviy tarbiya samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, sohadagi mavjud muammolar ko‘rib chiqilib, yoshlar ta’lim-tarbiyasi masalasida kelgusi vazifalar qayd etildi.
Ayniqsa, talabalar o‘rtasida turli yot g‘oyalar, zararli illatlar, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish, institutning ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar rejasi ijrosini ta’minlash, yoshlar o‘rtasida targ‘ibot ishlarining samarali zamonaviy usullaridan foydalanishning ahamiyati ta’kidlanib, mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Kengash a’zolaridan iborat maxsus guruh tashkil etilib, fakultetlar kesimida tegishli o‘rganish va targ‘ibot ishlarini olib borishga kelishib olindi.
Yig‘ilishda bildirilgan fikr-mulohazalar asosida institutning ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlar qabul qilindi.
NukusDPI matbuot xizmati.

