Institutda “Deputat va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Har qanday mamlakatning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, aholining farovon hayot kechirishi o‘sha mamlakatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasi bilan bog‘liq. Shu bois, O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Bugun, 16-aprel kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat institutida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi va Xalq deputatlari Nukus shahar Kengashi tomonidan yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning siyosiy bilimlarini oshirish maqsadida “Deputat va yoshlar” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda partiya mas’ul xodimlari, institut talaba-yoshlari, partiyadan saylangan deputatlar, “Yoshlar qanoti” a’zolari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad deputatlar va yoshlarning muloqotini tashkil etish, yoshlarni qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb qilish, ularning tashabbuslari va takliflarini qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning siyosiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, partiya safiga jalb etish, shuningdek, partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini tushuntirishdan iborat.
Tadbirni partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi bo‘lim boshlig‘i Nurlan Kishanov kirish so‘zi bilan ochib berdi va olib bordi.
Uchrashuvda O‘zbekiston O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi o‘rinbosari Mahmud Yesengeldiev bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, yoshlarning o‘z tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilgan sharoitlar hamda imkoniyatlar haqida, shuningdek, partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini targ‘ib qilishda partiya tashkilotlari va deputatlar tomonidan olib borilayotgan ishlar hamda partiyaning yoshlar bilan ishlash yo‘nalishidagi ishlariga to‘xtalib o‘tdi.
Shu bilan birga, Xalq deputatlari Nukus shahar Kengashidagi O‘zXDP deputatlik guruhi a’zosi Qutlimurat Qalxorazov mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar va imtiyozlar haqida keng tushunchalar berdi.
Uchrashuvda partiya safiga yangi qabul qilingan bir qator yoshlarga a’zolik guvohnomalari topshirildi.
Tadbir davomida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.
NukusDPI matbuot xizmati.
