NukusDPIda “Xalqaro qushlar kuni”ga bag‘ishlangan bayram kechasi bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Tabiiy fanlar fakultetida 1-aprel – Xalqaro qushlar kuni munosabati bilan “Qushlarni asraylik” nomli bayram kechasi bo‘lib o‘tdi.
Kechada institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Qarjaubay Reymov so‘zga chiqib, ona tabiatimizda, yurtimizning biologik xilma-xilligida qushlarning o‘rni, ularni muhofaza qilish, shuningdek, bu sananing tarixi, dunyo mamlakatlarida nishonlanishi haqida muhim ma’lumotlarni aytib o‘tdi.
Qushlarni muhofaza qilishga qaratilgan sana birinchi marta 1894-yilda AQShning Pensilvaniya shtatidagi Oyl-Siti shahridagi maktab o‘quvchilari tomonidan belgilangan bo‘lsa, keyinchalik o‘tgan asrning boshlaridan dunyoning ko‘plab mamlakatlarida nishonlana boshlagan.
Xalqaro ornitologlar uyushmasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra dunyoda 11 mingdan ortiq qush turi qayd etilgan bo‘lsa, 1500-yildan hozirgi kungacha antropogen ta’sirlar oqibatida 160 tur butunlay yo‘q bo‘lib ketgan. Bugungi kunda 1200 qush turi yo‘qolib ketish xavfi ostida qolmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi faunasida qushlarning 319 turi ro‘yxatga olingan bo‘lib, shundan 45 turi O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan. Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Qizil ro‘yxatiga esa yurtimizdagi qushlarning 46 turi kiritilgan.
Qushlar – bizning tabiatdagi eng yaqin do‘stimiz. Ularning turlarini saqlab qolish, ko‘paytirish uchun yoshlarimiz o‘rtasida shunday targ‘ibot tadbirlarini olib borishning ahamiyati yuqori.
Bayram kechasi “Rebus asosida qushlarning nomlarini topish”, “Qushlar haqida qiziqarli shartlarni bajarish”, “Qushlarning eng yaxshi ko‘rinishini yasash”, “Qushlar uchun uya qurish” kabi birnecha tanlovlar, shuningdek, institutning “To‘maris” xalq ansambli, fakultetning iqtidorli talabalari ijrosidagi konsert dasturi, qiziqarli sahna ko‘rinishlari bilan davom etdi.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan talabalar diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.
NukusDPI matbuot xizmati.
