NukusDPIda “Kitobxonlik haftaligi”ning ochilish kechasi bo‘lib o‘tdi

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari asosida mamlakatimizning barcha hududlarida joriy yilning 21-27-aprel kunlari oralig‘ida “O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostida Respublika “Kitobxonlik haftaligi” tadbirlari tashkil etilmoqda.

Bugun, 22-aprel kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti axborot-resurs markazida “Kitobxonlik haftaligi”ning ochilish kechasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni markaz direktori Gulayim Jiyemuratova boshqarib bordi.

Kechada institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Qarjaubay Reymov, Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Allanazar Abdiyev, qoraqalpoq adabiyoti kafedrasi dotsenti Qabil Mambetov va boshqalar so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda Prezidentimizning maxsus qarori asosida yurtimizda kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, xalqning ma’naviy dunyosini boyitish, yoshlarni kitob o‘qish va san’atga qiziqtirish, ularni har tomonlama rag‘batlantirish yo‘nalishida olib borilayotgan chora-tadbirlarni ta’kidladi va shunday qo‘llab-quvvatlash natijasida respublikamizdan ko‘plab iste’dodli yoshlari o‘sib kelayotganligiga alohida to‘xtaldi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, haftalik doirasida bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar va adabiy kechalar tashkil etilishi belgilangan.

NukusDPI matbuot xizmati.