WORKOUT bo‘yicha “Universiada-2025” sport musobaqalari g‘oliblari tantanali ravishda kutib olindi

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 22-23-aprel kunlari Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida sportning WORKOUT turi bo‘yicha o‘tkazilgan “Universiada-2025” sport musobaqalarining respublika final bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi erkaklar terma jamoasi 1-o‘rinni, shuningdek, talaba qizlardan tuzilgan terma jamoamiz a’zolari faxrli 2-o‘rinni egallagan edi.
Bugun, 24-aprel kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida tarixiy natijaga erishgan g‘olib sportchi yoshlarimiz va terma jamoa delegatsiyasi a’zolari tantanali tarzda kutib olindi.
Tadbirda institut rektori Quvondiq Qodirov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vaziri o‘rinbosari Azamat Qalbayev so‘zga chiqib, mamlakatimizda yoshlarni sport va sog‘lomlashtirish tadbirlariga keng jalb etish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, tajribali sportchilarni tarbiyalab chiqarishga alohida e’tibor qaratilib, sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi. Buning natijasida sportchilarimizning Olimpiya o‘yinlari, Osiyo va Jahon birinchiliklarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlarini faxr bilan tilga oldi.
Tantanali tadbirda sportchilarni musobaqaga tayyorlagan Nukus davlat pedagogika instituti Jismoniy madaniyat fakultetining dotsenti Duysenbay Karimov sport bilan shug‘ullanib, shunday yuqori natijalarga erishish uchun zarur sharoitlarni yaratib berayotgan hurmatli Prezidentimiz, hukumatimiz, shuningdek, institut rahbariyatiga terma jamoa nomidan minnatdorlik bildirdi.
Tadbir institutning iqtidorli talabalari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Eslatib o‘tamiz, terma jamoa a’zolari Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali va Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining sportchi talaba-yoshlaridan tarkib topgan.
NukusDPI matbuot xizmati.
