“Sizlarning tarixiy g‘alabangiz xalqimiz va institutimiz jamoasi uchun faxr-iftixordir” – NukusDPI rektori Quvondiq Qodirov “Universiada-2025” sport musobaqalari g‘oliblarini tabrikladi

Hurmatli, institutimizning faxri bo‘lgan talaba-yoshlar!
Sizlarning sportning WORKOUT turi bo‘yicha o‘tkazilgan “Universiada-2025” sport musobaqalarining respublika final bosqichida qo‘lga kiritgan tarixiy g‘alabangiz xalqimiz va institutimiz jamoasi uchun faxr-iftixorli voqea bo‘ldi.
Sport nafaqat jismoniy kuch, balki yuksak darajadagi tartib-intizomni, chin yurakdan berilib harakat qilishni ham talab etadi. Sizlar bu talablarni samarali bajarib, o‘zlaringizning qanday iqtidorli va matonatli talaba-yoshlar ekaningizni isbotladingiz.
Respublikamiz erkaklar terma jamoasi tarkibida institutimiz talabalari Arislanbay Zagidullinov, Umidjon Raxmonov, Sardorbek Yuldoshev, Kanatbay Davletbayev, qizlar terma jamoasida esa Gulnaz Jaqsimuratova va Shohista Otaboyevalarning hissalari alohida bo‘ldi. Albatta, “Ustoz ko‘rgan xat tanir” deb dono xalqimiz aytganidek, bunday natijaga erishishda tajribali ustoz, institutimizning Jismoniy madaniyat fakulteti dotsenti Duysenbay Karimovning ham fidoyilik bilan qilgan mehnatlarini alohida e’tirof etmoqchimiz.
Xabaringiz bor, “Universiada” sport musobaqalarida sportchi talabalarimizning qo‘lga kiritgan yutuqlari natijasida 2019- va 2023-yillarda institutimizga sport anjomlaridan iborat Prezident sovg‘alari topshirilgan edi.
Mana shu an’anani davom ettirgan holda bugungidek yuksak natijalarga erishayotgan siz kabi yoshlarimiz institutimizning sport sohasidagi qadriyatlarini yanada mustahkamlaydi. Kelgusida ham yangi natijalarga erishib, yurtimiz bayrog‘ini jahon arenalarida ko‘klarga ko‘tarib yurishingiz uchun doimo sizlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Aziz sportchi yoshlar!
“O‘z oldiga buyuk maqsadlar qo‘ygan xalq faqat sog‘lom va baquvvat bo‘lgan taqdirdagina ko‘zlagan marralariga erisha oladi. El-yurtning sog‘lom bo‘lishi, ulkan ishlarga qodir bo‘lishida esa, hech shubhasiz, jismoniy tarbiya va sportning ahamiyati beqiyos” – deb aytgan Prezidentimizning iborasini o‘zimizga shior qilib olib, shu asosda amaliy ishlarimizni davom ettira olsak, albatta, Yangi O‘zbekiston va Yangi Qoraqalpog‘istonni, Uchinchi Renessans poydevorini birgalikda qura olamiz.
Sizlarni yana bir bor qo‘lga kiritgan yutuqlaringiz bilan chin qalbdan tabriklab, har biringizga sihat-salomatlik, yangi zafarlar va omadlar tilayman!
Hurmat bilan,
Quvondiq Qodirov,
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori.
