NukusDPIda xorijiy tillarni o‘rganishning yangi imkoniyatlari masalasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda xorijiy tillarni o‘qitish ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida rivojlanib, ushbu yo‘nalishda ta’lim sifatini hamda sohaga malakali pedagoglarni biriktirish va aholining xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Chet tillari fakulteti ingliz tili va adabiyoti kafedrasi tomonidan “Yangi O‘zbekistonda chet tillarini o‘rganishning yangi imkoniyatlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy konferensiyada bu borada amalga oshirilayotgan ishlar keng muhokama qilindi.

Konferensiyada respublikamizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlaridan professor-o‘qituvchilar, olimlar bilan birga, Amerika Qo‘shma Shtatlaridan ingliz tili fani o‘qituvchilari – professor Juzeppe Kyaramonte va Xanna Lenders-Orjen, doktorantlar, magistrantlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda uzluksiz ta’limning barcha bosqichlarida o‘sib kelayotgan yosh avlodni xorijiy tillarga o‘qitish sifatini oshirish, xorijiy tillarda erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, ushbu yo‘nalishdagi o‘quv dasturlarining uzluksizligini ta’minlash, xorijiy tillarni bilish darajasini baholashning milliy test tizimini rivojlantirish asosida malaka sertifikatiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar, talabalar va pedagoglarga imtiyozlar berish hamda ularni rag‘batlantirish borasidagi ishlar yuzasidan ma’ruzalar qilindi.

Shu bilan birga, ma’ruzachilar xorijiy tillarni o‘qitishning zamonaviy metodikalari, sohadagi muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha tegishli takliflarini bildirdi.

Xalqaro konferensiya O‘zbekistonda maktabgacha va maktab ta’limida xorijiy tillarni o‘qitishning yangi imkoniyatlari, global raqamlashtirish davrida tillarni o‘rganishning tendensiyalari va innovatsion usullari, filologiya va tarjimashunoslikning dolzarb masalalari, madaniyatlararo muloqot va xorijiy tillarni o‘rganishning ijtimoiy jihatlari masalalariga bag‘ishlangan seksiyalar bo‘yicha o‘z ishini davom ettirdi.

NukusDPI matbuot xizmati.