Ajdodlarimiz jasorati va qahramonliklari – avlodlar xotirasida mangu saqlanadi

Xalqimiz asrlar davomida og‘ir sinovlarda, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda ulkan jasorat va mardlik namunasini amalda namoyon etib kelgan.
Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimizning yorqin xotirasini yod etish, jang maydonlaridan omon qaytgan, front ortida og‘ir kunlarni matonat bilan yenggan ota-bobolarimizga mehr-muruvvat ko‘rsatish tom ma’noda milliy an’anaga aylandi.
Dunyoda millionlab insonlarning qurbon bo‘lishiga sabab bo‘lgan, misli ko‘rilmagan yo‘qotishlar, og‘ir oqibatlarga olib kelgan Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli, qonli qirg‘inbarot bo‘lgani hammamizga ma’lum. Ushbu shafqatsiz urushda qatnashgan yuz minglab yurtdoshlarimizning nomlari, jasorat va matonatlarini xalqimiz hech qachon unutmaydi.
Xalqimiz uchun o‘rni to‘lmas yo‘qotishlarga olib kelgan bu urush davrida Qoraqalpog‘iston aholisining soni 476 ming kishi bo‘lgan bo‘lsa, urushga 66 mingdan ortiq qoraqalpog‘istonlik mard yigitlar safarbar etilgan.
1941-yili tarkibida 4300 ga yaqin qoraqalpog‘istonlik bo‘lgan 97-qoraqalpoq o‘qchi brigadasi tuzildi. Bu brigadaning batalyonlari Moskva va Stalingrad ostonasidagi va boshqa janglarda qatnashdi.
1941-1945-yillar oralig‘ida frontga otlangan qoraqalpog‘istonliklarning 20 nafardan ortig‘i Qahramon, 6 nafar jangchi esa I, II, III darajali “Shon-sharaf” ordenlarini olishga erishdi.
Shuningdek, ko‘plab yurtdoshlarimiz Ukraina, Chexoslovakiya, Vengriya, Ruminiya, Polsha, Yugoslaviya kabi mamlakatlarni va Berlinni dushmanlardan ozod qilishda qatnashgani uchun taqdirlanganini bugungi avlodlar doimo yodda saqlaydi.
Institutimiz bitiruvchisi, razvedka aviatsiyasi uchuvchisi, gvardiya katta leytenanti Plis Nurpeysovga fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan munosib hissasi uchun Qahramon unvonining berilishi yoshlarimizni Vatanga sadoqat va fidoyilik ruhida tarbiyalash borasidagi g‘urur va iftixor bilan tilga oladigan jasorat namunasidir.
Bugungidek tinch-osoyishta, farovon hayotimizning asoschilari hisoblangan ajdodlarimiz xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatish – barchamizning fuqarolik burchimizdir.
Shunday ekan, 9-may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami bilan siz, aziz xalqimizni institutimiz rektorati va mehnat jamoasi nomidan samimiy muborakbod etaman.
Ilohim, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz hayoti farovon bo‘lsin!
Quvondiq Qodirov,
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining rektori.