“Biz – bir oila farzandlarimiz” festivali millatlararo totuvlik va do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz!” shiori ostida “Biz – bir oila farzandlarimiz” mavzusida millatlararo totuvlik va do‘stlik festivali bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshlig‘i Tatlimurat Atamuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Tursinbay Abdijabbarov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Begdulla Sultanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Maqset Matekov ishtirok etib, bugungi globallashuv davrida millatlararo totuvlik, o‘zaro hamjihatlik, do‘stlik munosabatlari jamiyatimiz va davlatimizning har tomonlama rivojlanishida muhim ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biri ekanligini ta’kidladi.
Festivalda institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Qarjaubay Reymov so‘zga chiqib, bunday bayramlar yoshlarimiz o‘rtasida do‘stlik, hurmat va madaniy xilma-xillikni yanada mustahkamlash, talabalar o‘rtasida hamjihatlik va bag‘rikenglikni targ‘ib qilish hamda har bir millat vakiliga hurmat bilan munosabatda bo‘lish madaniyatini shakllantirishga xizmat qilishini aytib o‘tdi.
Festival institutning mohir chevar, hunarmand va sportchi yoshlarining ko‘rgazmasi bilan boshlangan bo‘lsa, “To‘maris” xalq ansambli va iqtidorli talaba-yoshlar ijrosidagi konsert dasturi bayram ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Bayram ishtirokchilari va yoshlar turli millat vakillarining jo‘shqin qo‘shiqlari, raqslarini birgalikda ijro etib, festivalning yuqori saviyada o‘tishiga hissa qo‘shdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, hozirgi vaqtda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 17 mingga yaqin talaba-yoshlar tahsil olayotgan bo‘lib, ta’lim muassasasida qoraqalpoq, o‘zbek, qozoq, turkman, rus, ukrain, koreys, qirg‘iz, tojik, ozarbayjon, boshqird, uyg‘ur va tatar kabi umumiy 11 millatga mansub talabalar bir oilaning farzandlaridek, hamjihatlikda o‘qimoqda.
NukusDPI matbuot xizmati.
