Qozog‘istonning eng nufuzli universiteti rektori Nukus davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi

Qozog‘iston Respublikasining eng nufuzli oliy o‘ta’lim muassasalaridan biri Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti Boshqaruv Raisi – Rektor Janseyit Tuymebayev 18-may kuni xizmat safari doirasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni institut rektori Quvondiq Qodirov rahbarligidagi tegishli mutasaddilar tantanali ravishda kutib oldi.
Institutning iqtidorli talaba-yoshlaridan tuzilgan «Siy perde» va «Baldauren» ansambllari a’zolari ijrosidagi milliy qo‘shiqlar, ko‘p millatli ahil jamoamiz ramzi bo‘lgan milliyligimiz ko‘rgazmasi qozog‘istonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
– Bu mening Qoraqalpog‘iston Respublikasiga birinchi kelishim. Nukus shahri menda alohida taassurotlar qoldirdi, institutingizning yangi binosi ham juda chiroyli va zamonaviy ekan. Ayniqsa, men bu yerda bir necha millat vakillarining ahillikda, o‘zaro do‘stona munosabatlarda yashayotganini ko‘rib havas qildim. Bizning universitetimiz ham Markaziy Osiyoda zamonaviy bilim va tajribaga ega bo‘lgan kadrlar tayyorlashda ilg‘or oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. O‘ylaymanki, bugungi tashrifimiz ushbu yo‘nalishdagi hamkorligimizda amaliy ahamiyatga ega bo‘ladi, – dedi Qozoq milliy universiteti rektori Janseyit Tuymebayev.
Shundan so‘ng mehmonlar institutda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori asosida tashkil etilgan Ajiniyoz muzeyida bo‘ldi.
Rektor Quvondiq Qodirov institut professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida yaratilgan Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining avlodlar shajarasi, shuningdek, shoir yashagan davrga oid kitoblar, qimmatli qo‘lyozmalar, tarixiy buyumlar va kiyim-kechaklarning ko‘rgazmalari bilan tanishtirdi.
Al-Farobiy universiteti rektori muzeyning faxriy mehmonlar kitobiga o‘zining eng ezgu tilaklarini yozib qoldirdi.
So‘ngra mehmonlar institut o‘quv laboratoriyalarini borib ko‘rdi, professor-o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi.
Janseyit Tuymebayev institutda talaba-yoshlarning nazariy bilimlarini mustahkamlash maqsadida yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berib, kelgusidagi hamkorlikda o‘quv va ilmiy laboratoriyalarni birgalikda tashkil etish, ilmiy-tadqiqotlarni birgalikda olib borish bo‘yicha takliflarini bildirdi.
Shundan so‘ng rektorlar va institutning tegishli mas’ullari rasmiy uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda oliy ta’lim muassasalari rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida har tomonlama hamkorlik rivojlanib, strategik ittifoqchilik va do‘stlik munosabatlari yanada mustahkamlanib borayotganiga alohida to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, bunday hamkorlik doirasida oliy ta’lim sohasida ham yangi yo‘nalishlar ochish hozirgi davrning asosiy talabi hisoblanadi.
Dunyoning nufuzli reyting tashkilotlari tomonidan «TOP-163»talik ro‘yxatga kiritilgan Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti va Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti bir necha yillardan buyon samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, joriy yilning fevral oyida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolangan edi.
Uchrashuvda memorandum doirasida akademik mobillik, ikki diplomli qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, institutda Al-Farobiy universitetining markazini ochish, xalqaro va mahalliy grant loyihalarida ishtirok etishda professor-o‘qituvchilarning hamkorlikda ish olib borishi kabi masalalar bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida institut rektori Quvondiq Qodirov Janseyit To‘ymebayevga esdalik sovg‘alari, jumladan, Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universitetining 90-yilligi munosabati bilan tayyorlangan «Yetakchi universitet yilnomasi» nomli kitobning qoraqalpoq tiliga tarjimasini topshirdi.
Al-Farobiy universiteti rektori oliy darajadagi qabul uchun institut rektori va jamoasiga minnatdorlik bildirib, bugungi uchrashuv kelgusidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
NukusDPI matbuot xizmati.
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 