NukusDPIda korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan “Eng yaxshi esselar” tanlovi bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talaba-yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurash masalasiga bag‘ishlangan “Eng yaxshi esselar” tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Tanlov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasini qo‘llab-quvvatlash, talabalarning ushbu mavzuga oid bilim va tushunchalarini kengaytirish hamda ularning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Institutning korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi bosh mutaxassisi Gulistan Dalibayeva barcha fakultetlardan kelgan ishtirokchilarga tanlovning maqsadi yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish va ularning jamiyat hayotida faol fuqarolar bo‘lib yetishishiga ko‘maklashishdan iborat ekanligini ta’kidladi.

Tanlovda ishtirokchilar korrupsiyaning yuzaga kelish sabablari, oqibatlari hamda unga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirib, xalqaro tajriba va mahalliy kontekstga asoslangan esselar yozdi.

Talabalar tomonidan yozilgan esselar hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan baholanib, g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.

NukusDPI matbuot xizmati.