Bitiruvchi kurs talabalari diqqatiga! NukusDPIda kimyo, biologiya va fizika bo‘yicha fan olimpiadasi o‘tkaziladi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlariga bo‘lgan qiziqishini oshirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va intellektual rivojlanishi uchun sharoitlar yaratish maqsadida joriy yilning 23-may kuni kimyo, biologiya va fizika bo‘yicha fan olimpiadasining institut bosqichi bo‘lib o‘tadi.

Fan olimpiadasida tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabalari ishtirok etishi mumkin.

Olimpiada 2 turda o‘tkaziladi va 100 ballik tizimda baholanadi.

1-tur. Nazariy topshiriqlar – jami 6 ta savoldan iborat (uch xil qiyinchilik darajasiga mos 5 balli ikkita savol, 8 balli ikkita savol va 12 balli ikkita savol). Maksimal ball – 50 ball;

2-tur. Amaliy topshiriqlar – tegishli fan bo‘yicha bitta topshiriqdan iborat. Maksimal ball – 50 ball.

Eslatma: Birinchi turdan 70% dan yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar ikkinchi turga o‘tkaziladi.

Institut bosqichida har bir fan bo‘yicha 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan talabalar fan olimpiadasining respublika bosqichiga yo‘llanma oladi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, fan olimpiadasining respublika bosqichida 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan talabalar maxsus diplom, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi va oliy ta’lim muassasalarining tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha magistratura bosqichiga o‘qishga imtiyozli ravishda qabul qilinishi bo‘yicha Davlat komissiyasiga taklif kiritiladi.

Qo‘shimcha ma’lumotlarni institutning iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limining +998906533178 telefon raqami orqali olishingiz mumkin.

Fan olimpiadasining nizomini quyidagi havola orqali yuklab oling

Pán olimpiadasınıń ustavı

NukusDPI matbuot xizmati.