NukusDPI jamoasi “Munozara” intellektual turnirining hududiy bosqichida g‘olib bo‘ldi

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan tashkil etilgan “Munozara” intellektual turnirining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Intellektual turnirda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli talabalaridan tuzilgan jamoalar ishtirok etdi.

Turnir davomida ishtirokchilar umumiy 8 ta mavzu bo‘yicha “Tasdiq” hamda “Inkor” pozitsiyalarida o‘zlarining munozara olib borish mahorati, bilim va ko‘nikmalarini namoyish etishga harakat qildi.

Quvonarlisi, intellektual turnirda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi g‘olib bo‘lib, turnirning respublika final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Turnirning hududiy bosqichida Qoraqalpoq davlat universiteti jamoasi 2-o‘rinni, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali jamoalari faxrli 3-o‘rinni egalladi.

Institutimiz yoshlariga turnirning respublika bosqichida omad tilaymiz!

NukusDPI matbuot xizmati.