NukusDPI akademik litseyida bitiruvchilarga diplom topshirildi

Bugun, 14-iyun kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti akademik litseyida 2024-2025-o‘quv yili bitiruvchi bosqich o‘quvchilarini oliy ta’lim muassasalariga maqsadli yo‘naltirish va tantanali diplom topshirishga bag‘ishlangan bayram kechasi bo‘lib o‘tdi.
Kechani akademik litsey direktori Q.Qalxorazov ochib berdi va Prezidentimizning mamlakatimiz ta’lim muassasalarini bitiruvchi yoshlarga yo‘llagan tabrigini yetkazdi.
Tadbirda institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori M.Ibragimov va tegishli bo‘limlar mas’ullari, professor-o‘qituvchilar ishtirok etib, akademik litseyni yuqori natijalar bilan tamomlayotgan o‘quvchilarga diplomlarni tantanali ravishda topshirdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, joriy o‘quv yilida akademik litseyni jami 279 o‘quvchi bitirayotgan bo‘lsa, shundan bir o‘quvchi oltin, uch o‘quvchi kumush medal, 18 o‘quvchi esa a’lo darajali diplom bilan bitirmoqda. Ulardan jami 306 nafar o‘quvchi milliy va xalqaro sertifikatlarga ega. O‘quvchilar orasida muddatidan oldin dunyoning va respublikamizning nufuzli oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan, shuningdek, respublika va xalqaro fan olimpiadalari, sport va intellektual musobaqalar, stipendiyalar tanlovlarining g‘oliblari, o‘qishda hamda jamoat ishlarida alohida faollik ko‘rsatayotgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Bayram kechasida so‘zga chiqqanlar shunday yoshlarimiz mamlakatimizning yorqin kelajagi uchun xizmat qiladigan mutaxassislar bo‘lib yetishishiga ishonch bildirib, ularning kelgusi ulkan maqsadlariga erishishida muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbir akademik litsey o‘quvchilari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
