Vazirlar Kengashi Raisi institutning bitiruvchi kurs talabalari bilan uchrashdi

Bugun, 14-iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farxod Ermanov Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining bitiruvchi kurs talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda institut rektori Quvondiq Qodirov, prorektorlar, fakultet dekanlari, tegishli vazirlik, boshqarma, muassasa, korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda Farxod Ermanov mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida kelajak egalari hisoblangan yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, o‘z qobiliyatlarini yuzaga chiqarishi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumotlar berdi.
Xususan, davlatimiz rahbarining 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida yoshlar bandligini ta’minlash, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining mehnat bozoriga integratsiyasini kuchaytirish, xususiy sektor va tijorat banklari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirish borasida samarali ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda.
“Kelajakka qadam” dasturi doirasida o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish niyatida bo‘lgan bitiruvchi kurs talabalari uchun biznes g‘oyani tayyor loyihaga yetkazish jarayonida to‘liq hamkorlik va qulay shartlarda moliyalashtirish maqsadida “O‘zmilliybank” hamda “Asabank” tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar keng muhokama qilindi.
Uchrashuvda bitiruvchi kurs talabalari o‘z biznes va startap g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish uchun qulay shartlarda kredit mablag‘larini olish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, ishga joylashish va bandlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirib, o‘z savollariga mutasaddilardan batafsil javoblar oldi.
NukusDPI matbuot xizmati.
