Bayram tabrigi
Assalomu alaykum, hurmatli ustozlar, aziz talabalar va qadrli hamkasblar!
Barchangizni Vatanimiz hayotidagi eng ulug‘ va qadrli sanalardan biri – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Mustaqillik bizga o‘z taqdirimizni o‘z qo‘limiz bilan belgilash, milliy qadriyatlarimizni tiklash, ta’lim va ilm-fan sohalarini rivojlantirish, kelajak avlod uchun farovon hayot yaratishdek beqiyos imkoniyatlarni berdi. Bugun Vatanimiz taraqqiyotining barcha bosqichlarida qo‘lga kiritilayotgan ulkan natijalar, xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi, yoshlarimizning orzu-intilishlari mustaqilligimiz asosida ro‘yobga chiqmoqda.
So‘nggi yillarda sohadagi islohotlar natijasida respublikamizda faoliyat yuritayotgan davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari soni qariyb ikki barobar oshdi. 2016-yilda birgina Qoraqalpog‘iston Respublikasida oliy o‘quv yurtlari soni 6 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 11 taga yetdi.
Albatta, bularning barchasi mamlakatimizda oliy ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tiborning amaliy natijalaridir.
Shu o‘rinda bizning ta’lim dargohimiz ham mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotganini alohida ta’kidlashimiz joiz. Institutimizda ilmiy izlanishlar, innovatsion g‘oyalar va yangicha yondashuv asosida yoshlarimizni Vatanimiz taraqqiyoti uchun bilimli, tashabbuskor va fidoyi kadrlar etib tarbiyalash yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hurmatli professor-o‘qituvchilar, aziz talaba-yoshlar! Yana bir bor sizlarni orzularimiz, imkoniyatlarimiz va kelajagimiz bo‘lgan mustaqillik bayrami bilan tabriklar ekanman, barcha ezgu tilaklaringiz ro‘yobga chiqishini, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, suvimiz mo‘l, xalqimiz hayoti farovon bo‘lishini tilayman!
Hurmat bilan,
Alisher Ubbiyev,
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori.