NukusDPIda yangi o‘quv yilining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi
Bugun, 4-sentyabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2025-2026-o‘quv yilining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari, nuroniy ustozlar, institut jamoasi, joriy o‘quv yilida o‘qishga tavsiya etilgan talaba-yoshlar va ularning ota-onalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Bayram tadbirini institut rektori Alisher Ubbiyev ochib berdi va ishtirokchilarni mustaqilligimizning 34 yillik bayrami hamda yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, yangi o‘quv yilining boshlanishi – ham ta’lim jarayonida, ham ijtimoiy hayotimizdagi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, yoshlarimizni yangi maqsadlar sari yo‘naltiradigan voqeadir.
Mustaqil mamlakatimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga, ilm-fan rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tibor bugun soha mutaxassislari oldiga katta mas’uliyat yuklamoqda. Prezidentimiz g‘amxo‘rligi bilan yaratilayotgan keng imkoniyatlar natijasida institutda ham zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbus va g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
O‘tgan yili institutning zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, joriy yilda 500 o‘ringa mo‘ljallangan 3-sonli talabalar turar joyi, zamonaviy sport majmuasi, shuningdek, futbol, yengil atletika va basketbol uchun mo‘ljallangan ko‘p funksiyali sport maydonining foydalanishga topshirilgani kelajak egalarining ilm-fan sirlarini chuqur o‘zlashtirishi, ham jismoniy, ham intellektual jihatdan yetuk avlod bo‘lib yetishishi uchun xizmat qilishi shubhasiz.
Respublikamizdagi birinchi oliy ta’lim muassasasi, o‘zining 90 yildan ortiq tarixiga ega bo‘lgan pedagogika institutida o‘qishni niyat qilgan yurtimizning o‘n minglab yoshlari orasidan bakalavriatning kunduzgi va kechki ta’lim yo‘nalishlariga ikki mingdan ortiq, magistratura mutaxassisliklariga esa ikki yuzga yaqin yoshlar o‘qishga tavsiya etildi.
– Bugun mening hayotimdagi eng unutilmas kunlardan biri. Chunki, men ushbu institutning to‘laqonli a’zosiga aylandim. Bu dargoh – ilm-ma’rifat markazi, yoshlarning orzularini ro‘yobga chiqarishga zamin yaratadigan ta’lim maskani. Men 7 yildan buyon Yoshlar ittifoqi tizimida sardor bo‘lib ishlab kelyapman. Ushbu yo‘nalishdagi faoliyatim tufayli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 914-sonli qarori asosida institutning milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi yo‘nalishiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim. Yurtimizdagi birinchi oliy o‘quv yurti hisoblangan bu dargohda O‘zbekiston Qahramonlari, akademiklar, davlat va jamoat arboblari yetishib chiqib, xalqimizga xizmat qilgan. Men ham ularning yo‘lini ibrat qilib, shu o‘quv yurtida o‘qishni maqsad qilgan edim. Bugun o‘z maqsadimga erishdim. Albatta, institutda bilim va ko‘nikmalarimni yanada takomillashtirib, kelgusida mamlakatimiz ta’lim sohasi rivojiga o‘z hissamni qo‘shish niyatidaman, – deydi Gulbahar Yusupbekova.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Aybek Dauletbayev, institutga hukumat qarorlari bilan imtiyozli davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan yoshlar so‘zga chiqib, yurtimizda yoshlarning oliy ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, ilm-fan bilan shug‘ullanib, o‘z qobiliyatlarini yuzaga chiqarishi borasida yaratilayotgan sharoitlarni ta’kidlab, davlatimiz, hukumatimiz rahbarlariga, institut jamoasiga minnatdorlik bildirdi.
Institutda yangi o‘quv yili “Mustaqillik darslari” va “Tanishuv haftaligi” bilan davom etmoqda.
NukusDPI matbuot xizmati.