Yoshlar ta’lim-tarbiyasining dolzarb masalalari muhokama qilindi

Bugun, 8-sentyabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yangi o‘quv yilida yoshlar ta’lim-tarbiyasi yo‘nalishida amalga oshiriladigan ishlarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov olib bordi.
Yig‘ilish davomida talabalarning ta’lim olish jarayonini yanada sifatli tashkil etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ma’naviy-ma’rifiy tarbiyani kuchaytirish, turli ijtimoiy-ma’naviy tadbirlarni samarali o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilishda tegishli bo‘limlar rahbarlari, fakultet dekanlari o‘rinbosarlari, yoshlar yetakchilari va tyutorlar ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Tadbir yakunida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi institutda ta’lim-tarbiya jarayonini yangi bosqichga olib chiqishi alohida ta’kidlandi.
NukusDPI matbuot xizmati.
