Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasi masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Talabalar xavfsizligi oyligi” doirasida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, bugungi kunda davlatimiz tomonidan yoshlarning bilim olishi, o‘z qobiliyatlarini yuzaga chiqarishi uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida talabalar bilan fikr almashish maqsadida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi yoshlar qanoti raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi Nodirbek Murodov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi Dauletbek Janabayev, institut faol talabalari ishtirok etdi.

Tadbirda institutning yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Aybek Bazarbayev va mehmonlar so‘zga chiqib, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmuni va ahamiyati, shuningdek, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni haqida ma’lumotlar berdi. Yoshlar uchrashuv davomida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

NukusDPI matbuot xizmati.