Institutda yoshlarning startap va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi

Bugun, 19-sentyabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talaba-yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va ularni startap loyihalarni yaratishga keng jalb etish maqsadida seminar-trening tashkil etildi.
Seminar-treningda institut professor-o‘qituvchilari, sohada samarali faoliyat yuritayotgan tajribali mutaxassislar va innovatsion loyihalarga qiziquvchi talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Quanishbay Seytnazarov so‘zga chiqib, startap tushunchasi, uning bosqichlari, muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Seminar davomida “Startup Garage” mintaqaviy loyihasi menejeri Axmet Uzaqbayev yangi g‘oyalarni muvaffaqiyatli loyihalarga aylantirish yo‘llari, bozor tahlili va investorlar bilan ishlash, “Startup Garage” platformasining imkoniyatlari, mentorlik, grantlar va qo‘llab-quvvatlash dasturlari bo‘yicha ishtirokchilarga zarur ko‘nikmalar berdi.
Shuningdek, talabalar o‘zlarining innovatsion g‘oya va loyihalarini taqdim etib, mutaxassislarning taklif va maslahatlarini olishdi.
Tadbir yoshlarning ijodkorlik qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, ularning biznes va ilmiy loyihalarini amalga oshirish borasidagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
