Pedagogika oliy ta’lim muassasalari ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 20-sentyabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida respublikamizdagi pedagogika oliy ta’lim muassasalari ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlari kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining “Pedagogika oliy ta’lim muassasalarining nizomi va tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash hamda prorektorlar kengashlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida’gi buyrug‘ida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda barcha pedagogika oliy ta’lim muassasalari prorektorlari onlayn formatda ishtirok etdi.
Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq, dastlab institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Quanishbay Seytnazarov institutda ilmiy-innovatsion ishlarning hozirgi holati va istiqbollari bo‘yicha ma’ruza qildi.
Shuningdek, yig‘ilishda 2026-yil uchun tayanch doktorantura, doktorantura, stajyor-tadqiqotchilik va mustaqil izlanuvchilikka kirish imtihonlari hamda suhbat jarayonlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish, xalqaro loyihalarni amalga oshirish faoliyatini boshqarish va yuqori natijaga erishishni ta’minlash masalalari bo‘yicha tegishli ma’ruzalar tinglandi.
Tadbir yakunida prorektor Quanishbay Seytnazarov o‘z ilmiy rahbarligida amalga oshirilayotgan ilmiy-innovatsion loyihalarni mehmonlarga tanishtirdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
