Koreya Respublikasining Sejong til o‘rganish markazi vakillari institutga tashrif buyurdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Koreya Respublikasining Sejong til o‘rganish markazi vakillari Hur Seon Haeng va Lee Sang Shik bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining Koreya Respublikasi bilan savdo-sotiq, investitsiya va iqtisodiy aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Go‘zzal Shamuratova, institut rektori Alisher Ubbiyev, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Muxtar Ibragimov va xalqaro hamkorlik bo‘limi mas’ullari ishtirok etdi.
Tadbirda rektor Alisher Ubbiyev bugungi kunda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida fan, ta’lim, madaniy-gumanitar sohalar bo‘yicha hamkorlik samarali davom etayotganini ta’kidlab, mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan qutladi. Shuningdek, institutda ilmiy-pedagogik yo‘nalishda xalqaro hamkorlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berdi.
Uchrashuv davomida Koreya Respublikasining ilg‘or oliy o‘quv yurtlari bilan ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, institut professor-o‘qituvchilari va talabalarining akademik mobillik, stajirovkalar va o‘quv dasturlari doirasida grant loyihalarida ishtirok etishiga ko‘maklashish, institutda koreys tilini o‘qitish imkoniyatlari, koreys tili bo‘yicha yetuk mutaxassislarni tayyorlash masalalari muhokama qilinib, kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar ko‘rib chiqildi.
Tadbir yakunida mehmonlar institutda tashkil etilgan Koreys tili xonasi bilan tanishib, bu yerdagi o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash ishlariga yuqori baho berdi.
Mazkur uchrashuv institutda Koreya Respublikasining ta’lim tashkilotlari bilan xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
