Diqqat, e’lon! “Eng faol yil talabasi” respublika tanlovining institut bosqichiga hujjatlar qabul qilinadi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida uzluksiz (akademik ta’tilsiz) kunduzgi ta’lim yo‘nalishlarida o‘qiyotgan 2-, 3- va 4-kurs talabalari orasida “Eng faol yil talabasi” respublika tanlovining institut bosqichiga hujjatlar qabul qilinishini e’lon qilamiz.
Tanlov quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:
1) “Yilning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha eng bilimdon talabasi”;
2) “Yilning eng faol targ‘ibotchi talabasi”;
3) “Yilning eng faol ixtirochi-innovator talabasi”;
4) “Yilning eng faol sportchi talabasi”;
5) “Yilning eng faol iqtidorli talabasi” (rangtasvir, grafika, dizayn, amaliy san’at, haykaltaroshlik bo‘yicha);
6) “Yilning eng faol ijodkor talabasi”;
7) “Yilning eng faol tadbirkor talabasi” (xotin-qizlar uchun).
Tanlovda institutda uzluksiz (akademik ta’tilsiz) kunduzgi ta’lim yo‘nalishlarida o‘qiyotgan 2-, 3- va 4-kurs talabalari ishtirok etishi mumkin.
Ishtirokchiga tegishli bo‘lgan quyidagi hujjatlar to‘plami fakultet dekanati tomonidan tayyorlanadi va tanlov komissiyasiga taqdim etiladi:
– ishtirokchining qobiliyati, fanlarni o‘zlashtirish darajasi, yetakchilik qobiliyati, erishgan yutuqlari, darslardagi faol ishtiroki, talabalarga o‘rnak bo‘ladigan jihatlari va jamoat ishlaridagi faolligi haqida ma’lumotlar yozilgan ikki betdan ko‘p bo‘lmagan hajmdagi taqdimnoma;
– tanlov ishtirokchisining fanlarni o‘zlashtirish natijalari aks etgan hujjatlarning (baholarni qayd etish varaqalari, talabaning baholarni o‘zlashtirish sinov daftarchasi) nusxalari;
– tanlov ishtirokchisining nashr etilgan ilmiy, ilmiy-uslubiy, ijodiy ishlari, ularga tegishli mutaxassislardan olingan taqrizlar bilan birga ijodiy ishlarining elektron shakli;
– xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazilgan tadbirlar, tanlovlarda faxriy yorliqlar va diplomlar bilan taqdirlangani to‘g‘risidagi ma’lumotlar (nusxalari ilova qilinadi);
– grantlarda ishtirok etganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, grantning nomi, moliyalashtirish hajmi, ishtirokning shakli va darajasi ko‘rsatiladi;
– konferensiyalardagi ishtiroki haqidagi ma’lumotlar, ilmiy ishlari ro‘yxati va ilmiy ishlari nusxalari ilova qilinadi;
– hujjatlar to‘plamiga kiritilgan materiallar va axborotlar joriy yil davomida chop etilgan bo‘lishi lozim.
Tanlov komissiyasi ishtirokchilarning hujjatlar to‘plami, darslarda va jamoat ishlarida ishtiroki sifati, shuningdek, ishtirokchi bilan individual o‘tkazilgan suhbat doirasida olingan ma’lumotlarni baholash natijalarini hisobga olgan holda har bir nominatsiya bo‘yicha g‘oliblarni (1-, 2- va 3-o‘rinlar) aniqlaydi hamda 1-o‘rin g‘oliblarini tanlovning respublika bosqichida qatnashish uchun tavsiya etadi.
Nominatsiyalar bo‘yicha 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan g‘olib va sovrindorlar oliy ta’lim muassasasining faxriy yorlig‘i bilan mukofotlanadi hamda tegishli ravishda 1-o‘rin sohibi bazaviy hisoblash miqdorining 8 baravari miqdorida, 2-o‘rin sohibi bazaviy hisoblash miqdorining 6 baravari miqdorida va 3-o‘rin sohibi bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdorida moddiy rag‘batlantiriladi.
Tanlovga hujjatlarni institutning yoshlar bilan ishlash va ma’naviy-ma’rifiy bo‘limiga joriy yilning 25-oktyabr sanasiga qadar topshirishingiz mumkin.
Qo‘shimcha ma’lumotlarni quyida ko‘rsatilgan “Eng faol yil talabasi” respublika tanlovining nizomi orqali bilib olishingiz mumkin.
“Yilning eng faol talabasi” respublika tanlovining nizomi
NukusDPI matbuot xizmati.