Institutda talaba-yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish ishlariga bag‘ishlangan media-tur tashkil etildi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talaba-yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sport to‘garaklari faoliyatini yoritish maqsadida media-tur tashkil etildi.
Media-turda respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, blogerlar ishtirok etib, institutda sport infratuzilmasini rivojlantirish, talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va sog‘lomlashtirish tadbirlarini yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
– Bugungi kunda institutda 13 mingga yaqin talaba tahsil olayotgan bo‘lib, ulardan kunduzgi ta’lim yo‘nalishlarida o‘qiyotgan yoshlarning 62 foizi sport to‘garaklariga qamrab olingan. Institut sport klubi, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport kafedrasi tomonidan har bir fakultet kesimida “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Talabalar ligasi”, “Universiada”, “Vazir kubogi” hamda “Rektor kubogi” kabi sport musobaqalari muntazam o‘tkaziladi. Jami 9 ta sport turi – voleybol, basketbol, futbol, shaxmat, futzal, gandbol, kurash, yengil atletika va stol tennisi bo‘yicha sport to‘garaklarida yoshlar muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanmoqda, – deydi institut sport klubi boshlig‘ining o‘rinbosari Miralim Allanazarov.
Shu maqsadda institutda moddiy-texnik bazani mustahkamlash, yoshlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, zamonaviy standartlarga javob beradigan 300 o‘ringa mo‘ljallangan futbol stadioni, 100 o‘rinli basketbol va voleybol maydoni, yangi sport majmuasi va sport saroyi, 2 ta yopiq sport zali, 2 ta sun’iy qoplamali mini-futbol va ochiq sport maydonchalari talaba-yoshlar uchun xizmat qilmoqda.
Ana shunday sharoit va imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan talabalar sport musobaqalarining respublika bosqichlarida, shuningdek, mamlakat birinchiliklari, Osiyo va jahon chempionatlarida yuqori natijalarga erishib kelmoqda.
Alohida ta’kidlash joiz, “Universiada” sport musobaqalarida institut sportchi talabalarining qo‘lga kiritgan yutuqlari natijasida 2019- va 2023-yillarda institutga sport anjomlaridan iborat Prezident sovg‘alari topshirilgan bo‘lsa, voleybol va regbi-7 sport turlari bo‘yicha institut talabalari mamlakatimizning terma jamoasi tarkibida Osiyo va boshqa xalqaro sport musobaqalarida qatnashib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Media-tur ishtirokchilari sport to‘garaklari faoliyati, talabalarning qo‘lga kiritayotgan yutuqlari, musobaqalardagi erishgan natijalari va institutda yaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Media-tur institutda amalga oshirilayotgan sport-sog‘lomlashtirish tadbirlarini keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
NukusDPI matbuot xizmati.