NukusDPI o‘qituvchisi Kembrij universitetida malaka oshirmoqda

Ta’lim sifatini oshirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi 13 ta pedagogik oliy ta’lim muassasasining matematika va axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi professor-o‘qituvchilari Buyuk Britaniyaning Kembrij universitetida malaka oshirish dasturida ishtirok etmoqda.

Quvonarlisi, ular orasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Aniq fanlar fakulteti matematika kafedrasi katta o‘qituvchisi Azamat Xodjaniyazov ham bor.

Ishtirokchilar “Cambridge University Press & Assessment” tashkiloti hamkorligidagi “Raising Awareness of Alternatives” nomli 8 kunlik kursda qatnashib, ilg‘or pedagogik yondashuv va pedagog kadrlar tayyorlashning xalqaro tajribasini o‘rganmoqda.

O‘quv mashg‘ulotlari universitetning Paul Warwick, Clare Brooks, Lauren Harris, Daniel Morrish, Chris Brown, Nivedita Bose kabi professorlari rahbarligida olib borilmoqda.

Malaka oshirish dasturi 24-oktyabrga qadar davom etadi.

Ushbu dastur o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish va talabalarning ta’lim olishini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

NukusDPI matbuot xizmati.