Institutda O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan ommaviy diktant tanlovi tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilinganligining 36 yilligi hamda 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida «Til – millat g‘ururi» mavzusida ommaviy diktant tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti hamda Filologiya fakulteti tomonidan tashkillashtirilgan tadbirda institutning barcha fakultetlaridan 150 dan ziyod talaba-yoshlar ishtirok etib, davlat tili bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.

Tadbirning asosiy maqsadi – yoshlar o‘rtasida davlat tili bo‘yicha savodxonlik va imlo madaniyatini oshirish, o‘zbek tilining nufuzini yanada yuksaltirishdan iborat bo‘ldi.

Tanlov yakunlari bo‘yicha davlat tili normalariga javob beradigan eng yaxshi diktant ishlari aniqlanib, g‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

Ushbu tashabbus yoshlar o‘rtasida o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmatni yanada mustahkamlash, to‘g‘ri yozish madaniyatini shakllantirish yo‘lida katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

NukusDPI matbuot xizmati.