Ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasida og‘ir yo‘qotish

Taniqli olim va metodist, qoraqalpoq tilshunosligi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan olim, filologiya fanlari nomzodi, dotsent, O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi, mehribon inson, fidoyi ustoz Uzaqbergen Yembergenov olamdan bevaqt ko‘z yumdi.

Uzaqbergen Yembergenov 1938-yili Qorao‘zak tumanida tug‘ilgan. 1962-yili Qoraqalpoq davlat pedagogika institutining qoraqalpoq tili va adabiyoti bo‘limini tamomladi.

Mehnat faoliyatini mazkur institutda metodist bo‘lib ishlashdan boshlagan bo‘lsa, keyinchalik O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi N.Dauqarayev nomidagi Tarix, til va adabiyot instituti, O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutining Qoraqalpog‘iston filialida fidoyi xizmat qildi.

1990-yilning sentyabr oyidan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti boshlang‘ich ta’lim metodikasi kafedrasida, 1993-yil oktyabr oyidan ushbu institutning qoraqalpoq tilshunosligi kafedrasida katta o‘qituvchi, kafedra dotsenti bo‘lib ishlab, fan-ta’lim sohasi uchun ko‘plab shogirdlarni tayyorlashga salmoqli hissa qo‘shdi.

Uzaqbergen Yembergenovning yoshlar ta’lim-tarbiyasidagi samarali mehnatlari, bag‘rikengligi va yuksak insoniy fazilatlari institutimiz jamoasining, barcha talaba-yoshlarning xotirasida abadiy saqlanib qoladi.

Marhumning yaqinlari, qarindosh-urug‘lari, hamkasblari va shogirdlariga chuqur ta’ziya izhor etamiz.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektorati, jamoat tashkilotlari, Filologiya fakulteti va qoraqalpoq tili kafedrasi jamoasi.