Til — jamiyat va millat iftixori

Shu yilning 20-oktyabr kuni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qaror milliy g‘ururni qayta jonlantiruvchi, til va davlat manfaatini uyg‘unlashtiruvchi ulkan tarixiy qadamdir. O‘tgan yillarda davlat tili haqida ko‘p gapirildi, qator qarorlar qabul qilindi. Lekin bu galgi hujjatning ahamiyati boshqacha. Chunki mazkur qaror mohiyati til masalasini madaniyat yoki ta’lim sohasi chegarasida emas, balki milliy xavfsizlik, ma’naviy barqarorlik va taraqqiyot siyosati negizida aks ettirgan.
Zero, til — jamiyat va millat iftixoridir.
Hozirgi global dunyoda til nafaqat muloqot vositasi, balki davlatning xalqaro maydondagi nufuzi, milliy qadriyatlarining ko‘zgusidir. Muhtaram Prezidentimiz qarorida aynan shu jihat ustuvor ahamiyat kasb etgan. O‘zbek tili shunchaki muloqot vositasi emas, balki axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, xalqaro munosabatlar sohalarida ham faol qo‘llanilishi kerak. Demak, endilikda o‘zbek tili faqat adabiyot va tarix tili emas, balki fan, texnika, siyosat va diplomatiya maydonida ham o‘z o‘rniga ega bo‘ladi. Bu – o‘zligimizga tayangan holda dunyo hamjamiyatida milliy tilimizning nufuzini oshirish uchun muhim qadamdir.
Qarordagi muhim yangiliklardan biri – har bir idora va hokimiyat tuzilmasida ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimining joriy etilishi. Bu o‘rinda davlat rahbari shunday bir dolzarb masalaga munosabat bildiradi: tilga munosabat faqat filologlarning ishi emas, balki har bir rahbar, har bir xizmatchining ma’naviy burchi ekanini anglatadi.
Boshqaruvda til madaniyati kuchaysa, davlat hujjatlari sof adabiy tilda yoziladi, natijada rasmiy til oddiy fuqaro uchun ham tushunarli bo‘ladi. Ayni holat xalq bilan davlat orasidagi ma’naviy ko‘prikni mustahkamlaydi.
E’tirofli jihati shundaki, O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 36-yilligi munosabati bilan qabul qilingan ushbu qaror maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichni qamrab olgan. “Mening ilk izohli lug‘atcham”, bolalar uchun multimedia mahsulotlar, yangi avlod darsliklar — bularning barchasi kelajakda milliy tilni his qilib o‘sgan avlodni shakllantiradi.
Natijada tilni himoya qilish yoki rivojlantirish kattalarning shiori emas, yosh avlod uchun ham hayot tarziga aylanishi lozim degan g‘oya ilgari surilmoqda.
Prezident qaroridagi eng e’tirofli tashabbuslardan biri — o‘zbek tilini sun’iy intellekt yordamida qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladigan platforma yaratish vazifasi. Bu orqali o‘zbek tili raqamli maydonda o‘z o‘rnini topadi, lug‘atlar, atamalar, avtomat tarjimonlar, ovozli xizmatlar rivojlanadi.
Ma’lumki, XXI asr o‘zbek tili uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda — u endi faqat kitob sahifalarida emas, internet, gadjet, robot va dasturlarda ham jonlanadi.
Qarorda har yili oktyabr oyini til oyligi sifatida nishonlash, ilmiy konferensiyalar, olimpiadalar va umummilliy diktantlar o‘tkazish nazarda tutilgan. Bu tadbirlar orqali til bayrami faqat rasmiy sana emas, balki xalqning ma’naviy mulkiga aylanadi.
Ta’kidlash joizki, mazkur qaror davlat siyosatida til millatning strategik boyligi sifatida e’tirof qilinishini anglatadi. U amalga oshsa, har bir idorada, har bir maktabda, har bir inson qalbida o‘zbek tilining ruhi yanada kuchayib, davlat tili haqiqiy muloqot tiliga aylanadi.
Shaxista Buranova,
Nukus davlat pedagogika instituti O‘zbek tili kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.