Nukusda “TalabaExpo – 2025” kasb ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 23-oktyabr kuni poytaxtimiz Nukus shahrida O‘zbekiston Milliy bankining “Kelajakka qadam” dasturi doirasida “TalabaExpo – 2025” kasb ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, “O‘zmilliybank” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Murat Atamuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Amanjol Ayapov, “O‘zmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” markazi direktori Elmurod Hoshimov so‘zga chiqib, bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularning kasbiy yo‘nalishini aniqlash va biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilayotgan ushbu tadbirning ahamiyatiga to‘xtaldi.

Ko‘rgazma doirasida 80 ga yaqin korxona va tashkilotlarning 700 ga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi, amaliyot va stajirovkalar dasturlari, startap loyihalar taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari talabalari “Muratbek mebel” korxonasiga tashrif buyurib, bu yerdagi ish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

NukusDPI matbuot xizmati.