NukusDPI talabalari ommaviy yugurish marafonida g‘oliblar qatoridan joy oldi

Poytaxtimiz Nukus shahrida “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” Davlat dasturi doirasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, xalqimizning sport bilan shug‘ullanishiga munosib sharoitlar yaratish maqsadida “Eco Save Aral – 2025” ommaviy yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarining talabalari, umumta’lim maktablarining o‘quvchilari, harbiy xizmatchilar, shuningdek, 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan ko‘ngilli fuqarolar ishtirok etdi.

Quvonarlisi, ushbu marafonda qizlar o‘rtasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Pedagogika-psixologiya va ijodiy ta’lim fakulteti jismoniy madaniyat ta’lim yo‘nalishi talabalari Ejemaya Bazarbayeva 2-o‘rinni, Aysha Jumambetova faxrli 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa, erkaklar o‘rtasida Azamat Orazbaev 2-o‘rinni, Ellikqal’a fakulteti jismoniy madaniyat ta’lim yo‘nalishi talabasi Yo‘ldosh Sotimboyev faxrli 3-o‘rinni egalladi.

Marafon yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal, esdalik sovg‘alari va pul mukofoti bilan taqdirlandi.

NukusDPI matbuot xizmati.