Fan olimpiadasi g‘olibi respublika bosqichiga yo‘llanma oldi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida iqtidorli talabalarni saralash va qo‘llab-quvvatlash, ularning xorijiy tillarga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida ingliz tilidan fan olimpiadasi bo‘lib o‘tdi.

Fan olimpiadasining dastlabki kunida ishtirokchilar ikki shart – mamlakatshunoslik, adabiyot, grammatik va leksik materiallar asosida tuzilgan 50 ta savoldan iborat test topshiriqlarini bajarish, shuningdek, 15-20 daqiqa davomida badiiy filmdan parcha tomosha qilish hamda mazmunini yozma ravishda kamida 300 ta so‘zdan iborat shaklda bayon qilish bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.

Olimpiadaning ikkinchi kuni o‘zbek yoki rus tilidagi matnni ingliz tiliga tarjima qilish, shuningdek, tili o‘rganilayotgan mamlakatning davlat tuzilishi, iqtisodiyoti va san’ati, buyuk shaxslari, yoshlar hayoti va shu kabilar haqida ma’lumot berish shartlari bilan davom etdi.

Shunday qilib, fan olimpiadasi yakuni bo‘yicha 1-o‘rinni xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili ta’lim yo‘nalishining 3-kurs talabasi Asadbek Akkiyev, 2-o‘rinni shu ta’lim yo‘nalishining 2-kurs talabasi Laylo Ilhomova, 3-o‘rinni shu ta’lim yo‘nalishining 3-kurs talabasi Muyassar Do‘smambetova egalladi.

Fan olimpiadasi g‘olibi respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.