Institutda “Biz – bir oila farzandlarimiz!” mavzusida do‘stlik festivali o‘tkazildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida “Biz – bir oila farzandlarimiz!” mavzusida do‘stlik festivali bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Jonibek Jumayev, ushbu markazning katta ilmiy xodimi Abdulvosit Mamadaliyev, markazning diniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘limi ilmiy xodimi Bayozxon Mahmudov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Din ishlari bo‘yicha bosh mutaxassisi Xudaybergen Nezamatov, institutning qoraqalpoq adabiyoti kafedrasi dotsenti Qabil Mambetov, institutda tahsil olayotgan turli millat vakillari bo‘lgan talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Festival ishtirokchilari dastlab Ajiniyoz muzeyida bo‘lib, bu yerdagi eksponatlar bilan tanishdi. Mehmonlar bu yerda buyuk so‘z zargari Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va ijodi, shuningdek, institut tarixi bo‘yicha qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Shuningdek, festival doirasida institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov rahbarligida “Jaholatga qarshi – ma’rifat bilan” g‘oyasi asosida ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar tashkil etilib, unda xalqlar o‘rtasidagi totuvlik, bag‘rikenglik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikning jamiyatdagi tutgan o‘rni haqida so‘z yuritildi.
So‘zga chiqqanlar ko‘p millatli mamlakatimizda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, tinchlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash, yosh avlodni millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanligini ta’kidladi.
Tadbir institutning “To‘maris” xalq ansambli a’zolari va iqtidorli yoshlar ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
