O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligiga bag‘ishlandi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat institutida 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun va Bosh qomusimizning 33 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbir O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari bilan boshlandi. Tadbirni institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov olib bordi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi raisi Alisher Atajanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri Elmurod Tursunov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi raisining birinchi o‘rinbosari Yerpolat Qayipbergenov, shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlanganidek, asosiy qonunimiz o‘zining chuqur o‘ylangan tamoyillari va qoidalari bilan ajralib, mamlakatimiz taqdirini, har bir insonning huquq va erkinliklarini belgilashda muhim hujjatdir.
1992-yil 8-dekabr kuni mustaqil O‘zbekistonning Konstitutsiyasi qabul qilindi. Konstitutsiyani ishlab chiqishda qonunchilikdagi ilg‘or xorijiy tajribalar bilan birgalikda xalqimizning ko‘p asrlik mentaliteti, yashash sharoiti, ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan urf-odatlari ham inobatga olindi.
Konstitutsiyada asosiy e’tibor inson va uning huquqlari hamda erkinliklari, ya’ni O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosiga shaxsiy huquq va erkinliklar, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarning kafolatlari ta’minlandi.
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash orqali fuqarolik jamiyatini barpo etish, buning uchun xalqimizning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, xalqimizning bugungi hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun ularga munosib turmush sharoitlarini yaratib berish borasida so‘nggi yillardagi olib borilayotgan ishlar alohida qayd etildi.
Asosiy qonunimizda kelajak avlodlarning bilim olishi, kasb-hunar egasi bo‘lishi, ilg‘or fikrli, teran fikrlaydigan, yetuk inson bo‘lib voyaga yetishi uchun zarur bo‘lgan tamoyil va qoidalar belgilab berilgan. So‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar ushbu maqsadlarga erishish uchun xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘istonda oliy ta’lim muassasalari soni so‘nggi yillar ichida ikki barobar ortgani, ularning moddiy-texnik bazasi takomillashtirilgani, qabul kvotalari soni ko‘paytirilgani, ayniqsa, so‘nggi uch yilda Qoraqalpog‘iston yoshlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida 31 mingdan ortiq qo‘shimcha maqsadli grant va to‘lov-kontrakt o‘rinlari berilgani, umumiy qiymati 145 milliard so‘mlik 2150 o‘rinlik talabalar turar joylari foydalanishga topshirilgani Konstitutsiyada belgilangan normalarning amaldagi ko‘rinishlari hisoblanadi.
Ana shunday imkoniyatlar natijasida yurtimiz yoshlari ilm-fan, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Tadbir davomida institutning milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi kafedrasi mudiri Erkin Tileuov, magistrant Shuhrat Atamuratov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinish tarixi, kiritilgan o‘zgartirishlar, jumladan, 2023-yil 30-aprel kungi umumxalq referendumi asosida Bosh Qomusimizning yangi tahrirda qabul qilinganligi, undagi belgilangan normalarning bugungi hayotimizdagi ahamiyati haqida ma’ruzalar qildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
