Nukus davlat pedagogika instituti rektorining MUROJAATI

Hurmatli talaba-yoshlar, qadrli ota-onalar, aziz ustoz va murabbiylar!

Bugungi globallashuv sharoitida yoshlar ongiga turli zararli g‘oyalar singdirilayotgan, axborot oqimi beqiyos kuchaygan bir paytda barchamizning eng muhim vazifamiz – jamiyatimizni, ayniqsa, kelajak bunyodkorlari hisoblangan yoshlarimizni turli illatlardan, jumladan, giyohvandlik va narkojinoyatlarning ayanchli oqibatlaridan himoya qilishdan iborat.

Giyohvandlik – bu nafaqat bir insonning kelajagini barbod qiladigan illat, shu bilan birga butun oila, mahalla, jamiyatning tinchligi, salomatligi va farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan xavfdir. Shu bois, bu masalada nafaqat rasmiy idoralar, balki ular qatorida har birimiz mas’ul ekanimizni unutmasligimiz kerak.

Aziz talaba-yoshlar!

Sizlar – Vatanimiz kelajagining poydevori, innovatsion g‘oyalar, taraqqiyot va intellektual salohiyat timsolisizlar. Sizlarning har bir qadamingiz biz uchun muhim. Doimo yodingizda tuting, giyohvandlik har qanday yutuqni, mehnatni, orzularingizni bir zumda yo‘q qiladigan illatdir. Uning “bir martalik sinab ko‘rish” degan aldamchi ko‘rinishi ham aslida katta yo‘qotishning boshlanishi hisoblanadi.

O‘zingizni ehtiyot qiling, tengdoshlaringizni ogohlantiring, zararli illatlarga “yo‘q” deb aytish – bu mardlik belgisi. Ilmga, sog‘lom turmush tarziga, ma’naviy poklikka sodiq bo‘ling. Biz doimo sizlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Hurmatli ota-onalar!

Farzandingizning hayoti, tarbiyasi, kelajagi eng avvalo sizlarning e’tiboringiz, mehringiz, nazoratingiz yordamida shakllanadi. Bugungi shiddatli axborot muhitida farzandlarimiz ko‘pincha turli xavfli oqimlar va zararli odatlar ta’siriga duch kelishi mumkin. Shunday vaziyatda farzandingizning kayfiyati, do‘stlari, bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotgani bilan muntazam qiziqib turing. Ular bilan samimiy suhbatlashing, ishonchini qozoning.

Giyohvandlikning oqibatlari haqida ochiq suhbat o‘tkazing. O‘z vaqtida nazorat va qo‘llab-quvvatlash – eng asosiy profilaktika ekanini unutmang. Biz, institut jamoasi, sizlar bilan birgalikda farzandlarimizni har qanday xavfdan asrashga tayyormiz.

Muhtaram ustoz va murabbiylar!

Yoshlarning qalbiga yo‘l topadigan, ularning hayotida eng katta o‘rnak bo‘ladigan odamlar – bu sizlar bo‘lasiz. Shu bois, giyohvandlikning oldini olishda pedagoglarning o‘rni alohida.

Talabalarning psixologik holatini kuzatib borish, ular bilan individual ishlash juda muhim. Dars davomida sog‘lom turmush tarzi, mas’uliyatni his qilgan holda qaror qabul qilish, zararli odatlardan tiyilish masalalariga tez-tez e’tibor qaratishingiz lozim. Ularga ishonish, mehr va ma’naviy ko‘mak berish – yoshlarni turli illatlardan himoya qilishning eng samarali yo‘lidir.

Barchamiz birgalikda yoshlarning sog‘lom, bilimli, ezgu maqsadlar sari intilib yashaydigan bo‘lib kamol topishi uchun bir jamoa bo‘lib harakat qilaylik! Giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashda bizning birlashgan harakatimiz eng katta kuch hisoblanadi.

Yoshlarimiz kelajagi – barchamizning mas’uliyatimiz!

Hurmat bilan, 

Alisher Ubbiyev,

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori.