Xushxabar! Nukus davlat pedagogika instituti “GreenMetric” xalqaro reytingidan o‘rin oldi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jahondagi oliy ta’lim muassasalarining barqaror rivojlanishini baholovchi nufuzli “UI GreenMetric World University Rankings-2025” xalqaro reytingidan o‘rin oldi.
“UI GreenMetric” xalqaro reytingiga dunyoning 105 mamlakatidan 1745 ta oliy ta’lim muassasasi, shundan O‘zbekiston Respublikasidagi 80 ta oliy o‘quv yurti kiritilgan bo‘lib, Nukus davlat pedagogika instituti dunyo miqyosida 1038-, respublikamiz bo‘yicha 44-o‘rinni egallagan.
Ushbu xalqaro reyting oliy ta’lim muassasalarining ekologik siyosati, ularning infratuzilmasi, energiya samaradorligi, chiqindilarni boshqarish tizimlari, suvni tejash, transport, shuningdek, barqaror rivojlanish borasidagi ta’lim va ilmiy tashabbuslarini tahlil qiladigan eng nufuzli global platformalardan biri hisoblanadi.
Institutning ushbu reytingdan o‘rin olishi ekologik qadriyatlarni targ‘ib qilish va barqaror kampus muhitini shakllantirishdagi roli ortib borayotganini tasdiqlaydi.
Reyting natijalari institutning ekologik yo‘naltirilgan loyihalarni joriy etish, ekologiya sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish, shuningdek, talabalar va xodimlar o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirish bo‘yicha tizimli harakatlarini aks ettiradi.
“UI GreenMetric’ga a’zo bo‘lish xalqaro hamkorlik, tajriba almashish va barqaror rivojlanishni mustahkamlashga yo‘naltirilgan global tashabbuslarda ishtirok etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti xalqaro raqobatbardoshligini oshirishga yo‘naltirilgan strategik maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalarining “THE”, “QS” kabi xalqaro reytinglaridan ham o‘rin olish borasidagi ishlarini davom ettirmoqda.
NukusDPI matbuot xizmati.