Institutda genderga oid audit yakunlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida gender tenglik masalalariga doir o‘rganish ishlari yakunlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasida xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglikni ta’minlash hamda oila masalalari bo‘yicha respublika miqyosida tasdiqlangan rejalar asosida tashkil etildi. Institutda o‘tkazilgan genderga oid audit doirasida 32 banddan iborat so‘rovnoma asosida tahliliy o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganish jarayonida institutda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi, mavjud hujjatlar, ichki tartiblar va amaliy mexanizmlar tahlil qilindi.

Yakuniy yig‘ilishda aniqlangan muammo va kamchiliklar atroflicha muhokama qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi. Jumladan, ichki me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish, xodimlar va talabalar uchun tushuntirish va trening mashg‘ulotlarini tashkil etish, shuningdek, gender tenglik masalalari bo‘yicha monitoring tizimini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan mazkur yo‘nalishda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar institut rahbariyati tomonidan doimiy nazoratga olinishi ta’kidlandi.

NukusDPI matbuot xizmati.