Institutda “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yurtimizning ilg‘or matematika fani o‘qituvchilari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi.
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi, institutning matematika kafedrasi katta o‘qituvchisi Jenisbay Jumamuratov tomonidan tashkil etilgan tadbirda ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida samarali faoliyat yuritayotgan matematika fani o‘qituvchilari, ustozlar, yosh izlanuvchilar va talabalar o‘zaro tajriba almashib, ustoz-shogird an’analarini mustahkamlash va ta’lim sifatini oshirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Muxtar Ibragimov, Aniq fanlar fakulteti dekani Rzamurat Jiyemuratov, matematika kafedrasi mudiri, professor Barliqbay Prenov, shuningdek, mehmon ustozlar o‘zlarining boy pedagogik xizmatlari, zamonaviy ta’lim metodikalari va matematika fanini o‘qitishdagi samarali metodlar bo‘yicha fikrlarini bildirdi.
Talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga institut rektorati nomidan tashakkurnomalar topshirildi.
“Siy perde” ansambli a’zolari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Ushbu uchrashuv avlodlar o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, milliy qadriyatlar va kasbiy an’analarni asrab-avaylashga xizmat qildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
