“Kelajakka qadam” dasturi doirasida seminar-trening tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida bitiruvchi yoshlarni mehnat bozoriga tayyorlash, ularning moliyaviy savodxonligini oshirish, tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish va o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalar berish maqsadida seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda “O‘zmilliybank” AJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi mutaxassisi Klara Sharipova, Biznesni rivojlantirish banki mentor-treneri Nurzada Atamuratova, “Mo‘ynoq tur” jamiyati rahbari, “Do‘stlik” ordeni sohibasi, taniqli tadbirkor Amina Bekjanova, shuningdek, institutning bitiruvchi kurs talabalari ishtirok etdi.
– Institutimizda bitiruvchi kurs talabalarining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va hayotga tatbiq etish maqsadida “Kelajakka qadam” markazi faoliyat yuritmoqda.Ushbu markazga murojaat qilgan talabalarga biznes loyihalarini ishlab chiqish, imtiyozli kreditlar bilan ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida yuqori natijalarga erishyapmiz. Xususan, bugungi kunga qadar markazimiz orqali institutimizning 64 nafar bitiruvchi talabasiga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishi uchun 1 milliard 683 million so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi, – deydi institut registrator ofisi menejeri, “Kelajakka qadam” markazi mas’uli Nursultan Tanbayev.
Seminar davomida bank xodimlari tomonidan yoshlarga imtiyozli kreditlar, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, startap loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlari va bank xizmatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, so‘zga chiqqan tadbirkor o‘z mehnat faoliyati davomida to‘plagan tajribalari, muvaffaqiyatlarga erishish yo‘llari, duch kelgan qiyinchiliklar va ularni yengib o‘tish bo‘yicha amaliy maslahatlari bilan bo‘lishdi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
