NukusDPIda “Biz – bir oila farzandlarimiz” mavzusidagi do‘stlik festivali bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Aniq fanlar fakultetida yoshlar o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hurmat va madaniy xilma-xillikni yanada mustahkamlash, talabalar o‘rtasida hamjihatlik va bag‘rikenglikni targ‘ib qilish maqsadida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz!” shiori ostida “Biz – bir oila farzandlarimiz” mavzusidagi millatlararo totuvlik va do‘stlik festivali tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Begdulla Sultanov, “Nuroniy” jamg‘armasi Nukus shahar bo‘limi boshlig‘i Karamatdin Qalenderov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Nukus shahar bo‘limi boshlig‘i Qidirbay Nuratdinov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Din ishlari bo‘yicha bosh mutaxassisi Hurayim Ibragimova, taniqli hunarmandlar, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Festivalda institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov so‘zga chiqib, hozirgi globallashuv davrida millatlararo totuvlik, o‘zaro hamjihatlik, do‘stlik munosabatlari jamiyatimiz va davlatimizning har tomonlama rivojlanishida muhim ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biri ekanligini ta’kidladi.
Tadbir doirasida yurtimizda millatlararo do‘stlik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishda alohida faollik ko‘rsatib kelayotgan institutning birinchi prorektori Quvondiq Qodirov va Aniq fanlar fakulteti dekani o‘rinbosari Xalmurat Yesemuratov faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
“To‘maris” xalq ansambli va iqtidorli talaba-yoshlar ijrosidagi konsert dasturi bayram ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Bayram ishtirokchilari va yoshlar birgalikda turli millat vakillarining jo‘shqin qo‘shiqlariga raqsga tushib, festivalning yuqori saviyada o‘tishiga hissa qo‘shdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
