NukusDPIda yil yakuniga bag‘ishlangan taqdirlash marosimi va bayram kechasi bo‘lib o‘tdi

Mamlakatimizdagi birinchi oliy ta’lim muassasasi sifatida ta’lim va xalq xo‘jaligining turli sohalariga yuqori salohiyatli malakali mutaxassislarni tarbiyalab chiqarayotgan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi uchun yakunlanayotgan 2025-yil ulkan muvaffaqiyatlarga to‘la yil bo‘ldi.
Institutda yil davomida alohida faollik ko‘rsatib, yuqori natijalarga erishgan professor-o‘qituvchilar, mutaxassis xodimlar va talaba-yoshlarni rag‘batlantirish, ularning mehnatlarini munosib baholash maqsadida taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda institut rektori Alisher Ubbiyev so‘zga chiqib, eshik qoqib turgan yangi 2026-yil bilan yig‘ilganlarni tabrikladi. Yakunlanayotgan 2025-yilda institutda o‘quv jarayonini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tadbirlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda erishilgan natijalarga to‘xtaldi.
Albatta, bunday natijalarga erishishda mamlakatimizda oliy ta’limga qaratilayotgan e’tibor, yaratilgan sharoitlar hamda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati katta ekani ta’kidlandi.
Tadbirda yil davomida ilmiy-pedagogik sohada yuqori natijalarga erishgan bir guruh professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talaba-yoshlar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
Shu bilan birga, “Eng faol yil talabasi” tanlovining institut bosqichi g‘oliblariga diplomlar topshirildi.
Taqdirlash marosimi “To‘maris” xalq ansambli, musiqa ta’limi kafedrasi professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalar ijrosidagi bayram konserti bilan davom etdi.
Institutda yangi yil bayrami tadbirlari davom etmoqda.
NukusDPI matbuot xizmati.
