NukusDPI talabasi Kumisay Qizilbayeva Jo‘qorg‘i Kenges Raisi kubogi uchun o‘tkazilgan “InnovAItion Hack-2025” tanlovi g‘olibasi

Avval xabar berganimizdek, poytaxtimizdagi Yoshlar markazida innovatsiya, texnologiya va sun’iy intellektga asoslangan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenges Raisi kubogi uchun “InnovAItion Hack-2025” tanlovi tashkil etildi.
Ta’lim, adliya va sud tizimi, suv xo‘jaligi, tadbirkorlikni rivojlantirish, turizm yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining innovator talaba-yoshlari o‘z loyihalari bilan faol ishtirok etdi.
Quvonarlisi, tanlovda institutimizning Tabiiy fanlar fakulteti biologiya ta’lim yo‘nalishining 3-kurs talabasi Kumisay Qizilbayeva boshchiligidagi “Vision X” guruhi “Eng yaxshi platforma” yo‘nalishida faxrli 1-o‘rinni egalladi va 45 000 000 so‘m miqdorida mukofotlandi.
Institut rektori Alisher Ubbiyev yil yakuniga bag‘ishlangan tantanali bayram kechasida g‘olib talabamiz Kumisay Qizilbayevani tabriklab, kelgusi o‘qishi va ilmiy-innovatsion ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
NukusDPI matbuot xizmati.