Prezident Murojaatnomasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar – taraqqiyot strategiyasining asosidir

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi bosqichi uchun muhim dasturiy hujjat bo‘lib xizmat qiladi. Unda 2026-yil va o‘rta muddatli istiqbolda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar, aniq vazifalar hamda mas’uliyatli yondashuvlar belgilab berildi.
Murojaatnomada avvalo iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, aholining real daromadlarini oshirish va inson manfaatlarini ustuvor qo‘ygan holda islohotlarni chuqurlashtirish asosiy vazifa sifatida belgilandi. So‘nggi yillarda erishilgan makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, investitsiyalar hajmini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish orqali iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Murojaatnomada mahallaning jamiyat hayotidagi o‘rni va rolini yanada kuchaytirish, hududlarda infratuzilmani rivojlantirish, aholini ichimlik suvi, elektr energiyasi, yo‘l va ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash masalalari ustuvor vazifa etib belgilandi. Ushbu vazifalardan kelib chiqib, muhtaram Prezidentimiz tomonidan kirib kelayotgan 2026-yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb belgilash taklif etildi hamda to‘liq qo‘llab-quvvatlandi. Bu esa aholi turmush sifatini yaxshilash va hududlar o‘rtasidagi tafovutlarni qisqartirishga xizmat qiladi.
Muhtaram Prezidentimizning Murojaatnomasida yoshlar masalasi davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida ta’kidlandi. Davlat rahbari yoshlar mamlakat kelajagi, islohotlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi ekanini qayd etar ekan, ularning bilimli, ma’naviy barkamol va sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini alohida urg‘uladi.
Murojaatnomada yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi, bandligini ta’minlash, ijtimoiy faolligini oshirish bilan bir qatorda, ularning ma’naviy immunitetini kuchaytirish masalasi ham muhim vazifa sifatida belgilandi. Globallashuv sharoitida yoshlar turli g‘oyaviy tahdidlar, zararli axborot oqimi va salbiy ta’sirlarga duch kelayotgani qayd etilib, ularni bunday harakatlardan asrash uchun ta’lim-tarbiya, madaniyat, sport va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Prezidentimiz Murojaatnomada millat genofondini saqlash va mustahkamlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Xususan, giyohvandlik va narkojinoyatchilik jamiyat, ayniqsa yoshlar salomatligiga jiddiy tahdid solayotgan illat ekani qayd etilib, bu ofatga qarshi murosasiz kurashish davlat va jamiyatning eng dolzarb vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi. Giyohvandlikning nafaqat shaxs hayotiga, balki butun jamiyatning sog‘lom rivojiga, millat genofondiga yetkazadigan og‘ir zararlari ochiq-oydin ko‘rsatib o‘tildi.
Murojaatnomada yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, sport va madaniyatga keng jalb qilish, ta’lim muassasalari va mahallalarda targ‘ibot ishlarini yanada samarali tashkil etish muhim vazifa etib belgilandi. Bu borada ota-onalar, pedagoglar, mahalla va jamoatchilikning mas’uliyati oshirilishi lozimligi alohida qayd etildi.
Mazkur yo‘nalishlarda belgilangan vazifalar yoshlarni sog‘lom, ma’naviy yetuk, yot g‘oyalarga qarshi mustahkam pozitsiyaga ega bo‘lgan shaxslar etib tarbiyalashga xizmat qiladi. Bu esa nafaqat bugungi avlod, balki kelajak avlodlar salomatligini ta’minlash, millat genofondini asrash va Yangi O‘zbekistonning barqaror taraqqiyotiga mustahkam zamin yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Murojaatnomada ekologik barqarorlik, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil hududlarni kengaytirish masalalari ham o‘z aksini topdi. Ushbu yo‘nalishlar aholi salomatligi va kelajak avlodlar manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan.
Shuningdek, davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, qonun ustuvorligini mustahkamlash hamda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari Murojaatnomaning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, Prezident Murojaatnomasi mamlakat taraqqiyotining aniq yo‘l xaritasini belgilab beruvchi muhim siyosiy hujjat bo‘lib, unda ilgari surilgan vazifalar Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi izchil islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Murojaatnomada ilgari surilgan g‘oyalar va tashabbuslar nafaqat iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlashga, balki yoshlarning ma’naviy-axloqiy dunyoqarashini yuksaltirishga, ularni globallashuv jarayonida uchrayotgan turli g‘oyaviy tahdidlar, yot qarashlar va zararli odatlardan asrashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiq, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunar egasi bo‘lgan barkamol avlod sifatida tarbiyalashga xizmat qiladi. Bu esa Yangi O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash hamda xalq farovonligini ta’minlash yo‘lidagi izchil islohotlarning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.
Quvondiq Qodirov,
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti birinchi prorektori.