Institut rektorining Yangi yil bayrami tabrigi

Assalomu alaykum, hurmatli professor-o‘qituvchilar, fidoyi xodimlar, qadrli talaba-yoshlar!
Avvalo, barchangizni kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Yangi yil – bu ezgu tilaklar, yangi maqsadlar va katta umidlar bilan kutib olinadigan, yakunlanayotgan yilga xolis baho berib, kelajak sari dadil qadam tashlanadigan fayzli bayramdir.
O‘tib borayotgan 2025-yil institutimiz hayotida samarali mehnat, izlanish va muhim yutuqlar yili bo‘ldi. O‘quv jarayonini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tadbirlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bu yutuqlar, hech shubhasiz, siz – fidoyi pedagoglar, mas’ul xodimlar va intiluvchan talabalarimizning birgalikdagi mehnatingiz samarasidir.
Bugun biz kelajagimiz bo‘lgan yoshlarimizning bilimli, raqobatbardosh, ona Vatanimizga sodiq va yuksak mas’uliyatli kadrlar bo‘lib kamol topishi uchun xizmat qilyapmiz. Bu esa har birimizdan yanada katta mas’uliyat, yangicha yondashuv va tinimsiz izlanishni talab etadi. Ishonchim komil, yangi yilda ham jamoamiz bilan birgalikda oldimizga qo‘yilgan barcha vazifalarni munosib tarzda bajaramiz.
Yangi yil har biringizning xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, fayzu baraka olib kelsin. Yangi yil barchangiz uchun quvonchli voqealar, yangi yutuqlar va ushalgan orzular yili bo‘lsin.
Yangi yilingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Alisher Ubbiyev,
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori.