Ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasida og‘ir yo‘qotish

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Aniq fanlar fakulteti texnologik ta’lim kafedrasi dotsenti, texnika fanlari nomzodi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va xalq ta’limi a’lochisi, “Ardoqli nuroniy” ko‘krak nishoni sohibi, ko‘plab shogirdlarning faxriy ustozi, taniqli pedagog Ibragimov Bayniyaz Aytbayevich vafot etdi.

Bayniyaz Ibragimov 1957-yil Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanida tug‘ilgan. 1978-yil universitetni tugatgandan so‘ng dastlabki mehnat faoliyatini o‘rta maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlashdan boshlagan. Keyinchalik 1981-1991-yillari universitetda, 1991-yildan umrining so‘nggi kunlarigacha Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida faoliyat olib bordi.

U ilmiy-pedagogik mehnat faoliyatini laborantlikdan boshlagan bo‘lsa, keyinchalik laboratoriya mudiri, o‘qituvchi, kafedra mudiri, fakultet dekani va ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor kabi mas’uliyatli lavozimlarda fidokorona xizmat qildi.

So‘nggi yillarda institutning Nuroniylar kengashi raisi sifatida ta’lim-tarbiya va jamoat ishlariga rahbarlik qildi.

1996-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga qarashli Yadro fizikasi institutiga aspiranturaga o‘qishga kirib, 2001-yilda “Kichik elementli neyron aktivatsion analiz usulida tuproqning agrogeokimyoviy tarkibini o‘rganish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.

Ilmiy-tadqiqot sohasida ham bir qancha yutuqlarga erishib, bir necha ilmiy maqolalar, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar muallifi bo‘ldi.

Bayniyaz Ibragimov o‘zining ishga bo‘lgan mas’uliyati, prinsipialligi va talabchanligi bilan institut professor-o‘qituvchilari va talabalari orasida yuqori obro‘ va hurmatga sazovor bo‘ldi.

U mamlakatimiz ta’lim sohasidagi ilgari surilgan vazifalarni bajarishda alohida tashkilotchilik namunasini ko‘rsata oldi.

Taniqli pedagog Bayniyaz Ibragimov o‘z faoliyati davomida ko‘plab shogirdlar tayyorlash bilan birga, institut jamoasi oldida namunali inson va jonkuyar ustoz sifatida har birimizning qalbimizda mangu yashaydi.

Marhumning oila a’zolari, qarindosh-urug‘lari, shogirdlariga chuqur ta’ziya izhor etamiz.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektorati va mehnat jamoasi, jamoat tashkilotlari, Aniq fanlar fakulteti va texnologik ta’lim kafedrasining jamoasi.